Joriy yilning 3 avgust kuni soat 23.50 larda Uchtepa tumani IIO FMB navbatchilik qismiga tumandagi “Xurshid” mahalla fuqarolar yig‘ini Beshqayrag‘och ko‘chasiga o‘rnatilgan Paynet bankomatini o‘g‘irlashga urinish bo‘lganligi haqida xabar kelib tushdi. Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan tezkor-qidiruv xodimlarining surishtiruv ishlarini puxta va to‘g‘ri tashkillashtirgani bois uch nafar gumonlanuvchi: A.Shahzod, T.Farrux, Z.Zabixullalar ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, uchovlon qo‘lqoplar, yuzlarini yashirish uchun bosh kiyimlar qiyib, kulrang Trasker avtomashinasining davlat raqamlarini yechib olgan holda harakatlanishgan. Voqea joyida bankomatni ko‘tarib mashina yukxonasiga joylashtirishga uringanda uni og‘irligidan tushirib yuborishadi. Taraqlab tushgan bankomat ovozi fuqarolarning e’tiborini tortganidan shubhalanib, ular shikast yetgan bankomatni tashlab voqea joyidan qochib ketishgan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-modda orqali 169-moddasi (O‘g‘irlik qilishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.