Ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turishning ushbu Kodeksning 221-moddasida ko‘rsatilgan asoslaridan bittasi mavjudligini bevosita aniqlasa yoki boshqa shohidlarning so‘zlaridan aniqlasa:
1) o‘zini tanishtirishi va ushlab turilgan shaxsning talabiga ko‘ra o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi;
2) gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini maʼlum qilishi;
3) ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi;
4) ushlab turilgan shaxsga u bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi;
5) ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishi shart.
Shuningdek, agar ushlangan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, gumon qilinuvchining huquqlari unga tarjimon ishtirokida birinchi so‘roqqa qadar tushuntirilib, bu haqda bayonnomaga yozib qo‘yiladi.