17 Fevral 2023 Yil 1156

Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari tashkil etiladi

Kuni kecha Toshkent shahar IIBB tashabbusi bilan hukumat Qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Zulayxo Maxkamova, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi maslahatchisi Jamila Shermuxamedova, Oliy Majlis Senati vakillari, O‘zbekiston Respublikasi IIV JXD Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati rahbariyati va masʼul xodimlari, Toshkent shahrining barcha tuman IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi katta inspektorlari hamda 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan faol yoshlar qatnashdilar.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzuridagi “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

Maʼlumki, 2023 yil 1 iyundan boshlab yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta-maxsus maʼlumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.

Tadbir davomida, ishtirokchilar tomonidan mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri - o‘rta, o‘rta-maxsus va professional taʼlim muassasalarida o‘qiyotgan qizlarning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish ekanligi taʼkidlab o‘tildi.

Mazkur tadbir yakunida ishtirokchilarga mavzuga oid videorolik va teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi namoyish etildi.

 

Barcha yangiliklar

Text to speech