Toshkent shahar IIBBga, Yapon komikslaridan birining qahramonlaridan ilhomlangan «Ryodan» xalqaro yoshlar harakati muxlislari yurtimizda ham borligi haqidagi xabarlar kelib tushdi. Harakat haqida nimalarni bilish lozim va u qanday xavf tug‘dirishi mumkin?
Dastlab “Ryodan” harakati tashkil etilganda, internetdagi bir nechta virtual jamoalardan iborat bo‘lgan: ular yapon animatsiya sanʼati muxlislari bo‘lib, o‘smirlarni qiziqishlari bo‘yicha birlashtirishdan boshqa maqsadlarni ko‘zlamagan edi. Bolalar o‘zlarining sevimli sanʼatlarini muhokama qilar va shunga o‘xshash kiyimlarni (orqasida o‘rgimchak rasmi hamda 4 raqami bo‘lgan katakli shim va futbolkalar) tanlashar edi.
Biroq, vaqt o‘tishi bilan harakatdan yangi yo‘nalish ajralib chiqib, ular ichida bir qator tajovuzkor shaxslar paydo bo‘ldi. Ular hududdagi vaziyatni beqarorlashtirish, o‘smirlarning to‘liq shakllanmagan dunyoqarashiga taʼsir o‘tkazish orqali ularni nazorat qilishni maqsad qilib oldilar. Buning oqibatida, tarmoqdagi begona shaxslarning buzg‘unchi shiorlari taʼsiriga berilib ketgan bolalar jamoat joylarida to‘planib, ommaviy tartibbuzarliklarni uyushtira boshladilar.
Ayni paytda “Ryodan” harakati tomonidan uyushtirilgan bunday holatlar Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belorusiya va bir qator boshqa davlatlarda qayd etilgan. Janjallar tomonlarning turli darajadagi tan jarohatlari olishiga, shaxslarning mulkiga zarar yetkazilishiga, ko‘plab maʼmuriy va jinoiy ishlarning qo‘zg‘atilishiga olib keladi. Biz yurtimizda bunday oqibatlarni oldini olishimiz kerak.
Hurmatli ota-onalar! Farzandlaringizga eʼtiborli bo‘ling, ularning qiziqishlarini o‘rganing, ayniqsa submadaniy qiziqishlariga befarq bo‘lmang.
Bolalarning anime va mangaga bo‘lgan qiziqishini qoralab bo‘lmaydi. Lekin, bu qiziqishi tufayli u nomaʼlum shaxslarning taʼsiriga tushib qolmayotganligiga, virtual dunyoni haqiqatdan ajrata olish qobiliyatini yo‘qotmaganligiga ishonch hosil qiling.
Farzandlaringizning hayotiga, ularda kechayogan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmang: ular bilan do‘stona munosabatda bo‘lish orqali qiziqishlarini, ishtiyoqini muhokama qiling, shu yo‘l bilan ularning fikrini o‘rganasiz va ularda bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezish imkoningiz oshadi.