24 Fevral 2023 Yil 8015

Rasmiy maʼlumot

Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta voyaga yetmaganlar Chilonzor tumanidagi ko‘chalardan birida “Aslam sila”, deb ketayotganligi aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Joriy yilning 24 fevral kuni taxminan soat 15.30 larda, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining blogini yurituvchi yutuber, 2004 yilda tug‘ilgan, Jizzax viloyatida yashovchi Aslambek Baxromov Chilonzor tumanidagi “Magic City” ko‘ngilochar maskani yaqinidagi avtoturargoh oldida fan klub aʼzolarini chaqirib, ular bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi bo‘lgan va ularga sovg‘alar tarqatishligini bildirgan. Uchrashuvga taxminan 130-140 nafarga yaqin voyaga yetmagan bolalar yig‘ilgan va jamoat tartibini buzib shovqin-suron ko‘targan. Shu hududda xizmat olib boruvchi Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari tartibsizlikni oldini olish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida A.Baxromovni ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan. Xodimlar A.Baxromovni olib ketayotgan vaqtida bir nechta voyaga yetmaganlar uning ketidan avtomashinagacha kuzatib borishgan. So‘ng uchrashuvga yig‘ilganlarning barchasi tarqalgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan A.Baxromovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi (“Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun tuman sudiga taqdim etiladi.

Hurmatli fuqarolar! Har qanday ommaviy tadbirlarni o‘tkazayotganda, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish qoidalariga qatʼiy rioya qilishingizni so‘raymiz!

Barcha yangiliklar

Text to speech