10 Iyun 2023 Yil 8739

Rasmiy maʼlumot

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qiz avtomobilda ichki ishlar xodimi kiyimida sigaret chekayotgani va behayo so‘zlarni ishlatayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Ushbu video Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, mazkur videodagi qiz maktab o‘quvchisi – voyaga yetmagan 2006 yilda tug‘ilgan S.A. bo‘lib, uning ota-onasi bilan birga profilaktik suhbat o‘tkazildi. Ularga qiz ichki ishlar organlari formasini ruxsatsiz kiyish bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 209 prim.1-moddasiga ko‘ra, yaʼni formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish taqiqlangani va bu xatti-harakati bilan u qonunni buzgani tushuntirildi. Suhbat davomida qiz ushbu formani tanishi 20 yoshli Sh.M.dan olgani va ushbu video unga tegishli bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtomobilda suratga olinganligini bildirgan. Tekshiruv jarayonida Sh.M. ushbu formani qonunga xilof ravishda saqlaganligi aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha qizning onasi V.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi (“Farzandlarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, Sh.M.dan forma o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan. Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 209 prim.1-moddasi (“Vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlarining kiyim-kechaklarini qonunga xilof ravishda kiyish”) bilan javobgarlikka tortilgan, sud tomonidan unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Barcha yangiliklar

Text to speech