Toshkent shahri Chilonzor tumanida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha “Poytaxt namunasi” loyihasi amalda
Bugungi kunda jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish davlatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan “Poytaxt namunasi” loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida tuman aholisi o‘rtasida zamonaviy qo‘riqlash vositalarining ahamiyatini tushuntirish, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha targ‘ibot-profilaktik tadbirlari tizimli ravishda tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlar orqali fuqarolarning xavfsizlikka bo‘lgan ongi oshirilib, turli noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan amaliy ko‘nikmalar shakllantirilmoqda.
Shuningdek, Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uylar yo‘laklariga tashvish tugmalarini o‘rnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Mazkur tugmalar orqali favqulodda holatlarda tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarini zudlik bilan chaqirish imkoni yaratilib, huquqbuzarliklar hamda jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan. Bundan tashqari, fuqarolar xonadoniga mobil tashvish tugmalari o‘rnatilib, aholining shaxsiy xavfsizligi yana-da mustahkamlanmoqda.
Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar poytaxtda xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, aholini mulkiy tajovuzlardan himoya qilishga xizmat qilmoqda. “Poytaxt namunasi” loyihasi doirasidagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilib, Toshkent shahrini yana-da xavfsiz va barqaror megapolisga aylantirishga qaratilgan.