7 Sentyabr 2024 Yil 3092

Rasmiy ma'lumot

Ijtimoiy tarmoqlarda "Pepsi Music Fest 2024" musiqa festivaliga kelgan fuqarolar jamoat tartibini buzayotganligi aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.

Joriy yilning 6-sentyabr kuni Yunusobod tumanida "Pepsi Music Fest 2024" musiqa festivalining birinchi kuni o‘tkazildi. Soat 18:00dan 22:20larga qadar bo‘lib o‘tgan tadbirda ko‘plab musiqa ixlosmandlari yig‘ilgan. Biroq ular orasida bir nechta fuqarolar jamoat tartibini buzib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan mayda bezorilik sodir etganlar ham bo‘ldi. IIO xodimlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning shaxsi aniqlanib, 5 nafar voyaga yetmaganlarning ota-onasiga O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-moddasiga ko‘ra ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qolgan fuqarolarga nisbatan to‘plangan hujjatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi.

Shuningdek o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida fuqarolar tan jarohati olganligi haqida xabar kelib tushmaganligini ma'lum qilamiz. Ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan va tekshirilmagan ma'lumotlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz. 

Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari! Tashkil etilgan ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlashingizni, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarishingizni so‘raymiz.


Barcha yangiliklar

Text to speech