29 Oktyabr 2025 Yil 417

“Qizil tanlilar sardori” yoxud “tirkama” operatsiyasi

(Davomi. II-qism) 

Uning shartiga ko‘ngan Sirojiddin sheriklarini yig‘ib, har biri sakkiz  million so‘mdan pul berishmasa hammasi qamalishini aytib, qamalish soyasi hali-hamon uzoqlashmagan, hali bitmagan yarasiga tuz sepdi. – Nima, bir million ishlab, sakkiz milliondan  qaytaramizmi?! Bu ishni sen boshlading, o‘zing javobini ber! Mening ortiqcha pulim yo‘q,–dedi jig‘ibiyroni chiqib  G‘ayrat. Aziz va Jasurbeklar  ham Sirojiddinni kazzobdan olib qallobga solishdi. Mo‘may pul topish ilinjida jinoyatga qo‘l urgan yigitlar voqeaning chappasiga ketganidan reja  “muallifi” bo‘lgan Sirojiddinga tashlanib aytmagan gina-kuduratlari  qolmadi. Shu joyda mashhur ingliz yozuvchisi O.Genrining “Qizil tanlilar sardori” filmidagi voqeani yodingizga solmoqchimiz. Hikoyada ikki dardisar: Sem va Bill  mo‘may pul ishlash maqsadida boy xonadonning farzandini o‘g‘irlab  yirik tovon puli undirishni rejalashtirishadi. Biroq  bola bola emas, balo bo‘lib, ularni turli ko‘ylarga solib, qilmishlariga pushaymon qiladi. Bolaning otasi esa so‘ralgan pul u yoqda qolib, so‘ralgan puldan ikki baravar ko‘p berishmasa bolani qaytarib olmaslik shartini qo‘yadi. Va bola o‘g‘rilarining aytilgan pullarni berishdan o‘zga chorasi qolmaydi. Shunga o‘xshab tirkama egasi Toir ham 25 million so‘mlik tirkamasi uchun 35 million so‘m so‘ragani o‘g‘rilarning dunyosini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Sirojiddinga qanchalik g‘azab va nafrat o‘tini sochishmasin qamalib ketishdan qo‘rqqan yigitlar pul topish ilinjida tarqalishdi. Biroq uch kun pul qidirib, misqollab yig‘ib keltirgan pullari 15 millionga ham yetmadi. Sirojiddinning Toirni vaqt bersa kelishilgan pullarni topib berishga ishontirish yo‘lidagi  sa’y-harakatlari esa zoye ketdi. Tirkama egasi ichki ishlar organlariga murojaat qildi.  Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudi ochiq sud majlisida 1998 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta-maxsus, oilali, muqaddam to‘rt marotaba sudlangan,  M.Sirojiddinni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-modda 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topdi va 5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.  1997 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan J. Aziz;  1984 yilda tug‘ilgan, muqaddam ikki marta sudlangan N.G‘ayrat; 1999 yilda tug‘ilgan, sudlanmagan Sh.Jasurbeklarni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi (“O‘g‘irlik”)  bilan aybli deb topdi. Har biriga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab  qolgan holda 1 yilu 5 oydan  axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, kapitan Sherzod Shomurodovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech